Kafedra 1970 yili tashkil etilgan bo‘lib, unga “Mashinasozlik texnologiyasi, metall kesish dastgohlari va asboblari” nomi berilgan. Tashkil topgan davrdan 1976 yilga qadar kafedrani dotsent B.Ya.Minadjiev boshqarib kelgan. Ushbu davrda “Mashinasozlik texnologiyasi, metall kesish dastgohlari va asboblari”, “Poligrafik ishlab chiqarish texnologiyasi” va “Qurilish materiallari va buyumlari korxonalarining mexanik jihozlari” mutaxassisliklari bo‘yicha muhandis-mexanik va muhandis-texnologlar yetishtirib chiqargan.
1976 yildan boshlab kafedrada “Mashinasozlik texnologiyasi, metal kesish dastgohlari va asboblari” mutaxassisligi bo‘yicha muxandis-mexaniklar tayyorlashga iqtisoslashdi.
Kafedrani dotsent B.N.Fayzimatov (1976-1980yy., 2001-2007yy.), dotsent B.A.Sobirov (1980-1992yy.), dotsent O.S.Irgashev (1992-1997yy.), professor A.A. Mirzayev (1997-2001yy.), E.T.Mamurov (2007-2011yy., 2014-2017yy.), Sh.N.Fayzimatov (2011-2014yy.) A.E.Teshaboyev (2017-2019yy.), A.E.Sotvoldiev (2019-2020yy.), boshqarganlar.
Shu davrda ularning rahbarligi ostida o‘quv va ilmiy tadqiqotlarni olib borish laboratoriyalari rivojlandi va yangi jihozlar bilan to‘ldirildi. Hududda joylashgan ishlab chiqarish korxonalar bilan aloqalar o‘rnatildi, yirik ishlab chiqarish korxonalarida “O‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish kompleksi” va Farg‘ona mexanika zavodi qoshida kafedra filiali tashkil etildi. Bu davr ichida o‘quv jarayonini takomillashtirish va fanlardan uslubiy qo‘llanmalar va ko‘rsatmalar tayyorlash bo‘yicha ko‘zga tashlanadigan ishlar olib borilgan, mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va mashxur olimlari bilan aloqalar olib borilgan. Ular qatoriga t.f.d., prof. Rodin P.R., t.f.d., prof. A.P.Gavrish, t.f.d. V.A.Ostafev, t.f.d., prof, V.S.Kavalenko, t.f.d., prof. A.I.Fedotov, t.f.d., prof. F.Ya.Yakubov va boshqalarni keltirish mumkin.
Kafedraning ko‘p sonli professor-o‘qituvchilarining o‘quv, ilmiy, pedagogik jarayonidagi ko‘p yillik mehnatlari O‘zbekiston Respublikasi ko‘krak nishon belgisi, faxriy yorliqlar, hamda “Iste’dod” jamg‘armasining diplomi bilan taqdirlanganlar.
Ma’lum davr ichida kafedrada ishlagan professor A.A.Mirzaev, K.G.Maxmudov, dotsentlar B.YA.Minojev, B.A.Sobirov, O.S.Irgashev, V.E.Gerdov, M.S.Shokirov, O.H.Otaqulov, I.X.Domullajonov, X.O.Goziyev, V.N.Chen hamda o‘qituvchilar I.X.Ridvanov, N.Osipov, V.V.Leontev, A.G.Xonkeldiyev, K.K.Akbarov, A.T.Gaynazarov, O.A.Abdujabborov, I.Exsonov, M.Xasanov, G.M.Muxambetov, T.S.Sodiqov, M.Karimovalar o‘z hissalarini sidqidildan qo‘shib ishlab kelishgan.
Kafedra tashkil etilishidan shu kunga qadar zamonaviy o‘quv-laboratoriya bazani takomillashtirishga katta e’tibor berildi. Universal va raqamli dastur bilan boshqariladigan dastgohlar, sanoat robotlari, o‘lchash va nazorat asboblari bilan jihozlangan o‘quv hamda ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, mahalliy va global tarmoqqa ulangan kompyuter sinfi tashkil etildi.
Hozirgi kunda kafedrada bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta fandan, magistrlik mutaxassisligi bo‘yicha 9 ta fandan darslar olib borilmoqda. Barcha fanlardan o‘zbek va rus tillarida o‘quv-uslubiy majmualar ishlab chiqilgan. Kafedraning professor-o‘qituvchilari jamoasi tomonidan 100 dan ortiq darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanma hamda virtual laboratoriya stendlari tayyorlangan.
Kafedrada ishlab chiqarishning texnik va texnologik muammolarini yechish qobiliyatiga ega bo‘lgan yuqori saviyadagi mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Modernizatsiyalashtirish, texnik va texnologik yangilash, raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan dolzarb loyihalarni amalga oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
“Mashinasozlik texnologiyasi va avtomatlashtirish” kafedrasining bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi va chet el davlatlaridagi ko‘pgina ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Ularning orasidan 20 dan ortiq fan doktorlari va texnika fanlari nomzodlari yetishib chiqqan.
Talabalarni kafedrani izlanishlariga jalb etish va ilmiy ishlarni olib borishda ko‘nikmalar hosil qilish maqsadida “Mashinasoz” to‘garagi tashkil etilgan. To‘garakka yo‘nalishning faol talabalari jalb etilgan. Ular kafedra professor-o‘qituvchilarining rahbarligi ostida ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashadilar, fanlarni chuqurroq o‘rganish va amaliy ko‘nikmalar hosil qilish bilan bir qatorda talaba yoshlarning ilmiy-amaliy anjumanlarida faol ishtirok etib kelmoqdalar. Bu to‘garakda 30 dan ortiq iqtidorli talabalar qatnashib kelmoqda.
Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarining natijalariga ko‘ra 300 dan ortiq maqolalar va ma’ruza tezislari chop etilgan. 30 tadan ortiq mualliflik guvohnomasi va O‘zbekiston Repsublikasi patentlari olingan.
O‘zbekiston Respublikasining barcha texnik yo‘nalishidagi oliy o‘quv muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi bilan uzviy aloqa bog‘langan. Ta’lim sohasida, ilmiy-texnik axborot almashinuvini tashkillash maqsadida Saratov Davlat Texnika instituti, Tyumen Davlat neft va gaz instituti, N.E.Bauman nomidagi Moskva Davlat Texnika instituti, Ukraina Milliy Texnika universiteti (KPI), Qrim sanoat-pedogogika instituti, Berlin Texnika universiteti (Germaniya) va boshqalar bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgan.
2017 yil 28 noyabr kuni kafedra dotsenti Fayzimatov Shuhrat Numanovich “Aerodinamik harakat ta’sirida mashinasozlik korxonalaridagi texnologik jihozlarni avtomatlashtirish konsepsiyalari va metodologiyasi” mavzusida texnika fanlari doktorlik (DsC) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Kafedra Davlat granti va xo‘jalik shartnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ilmiy va texnikaviy yo‘nalishga mos ravishda sistematik holda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarib kelmoqda, jumladan keyingi yillar ichida:
6-035-“Ikkilamchi qotishmalardan babbitlarni qayta eritish, tozalash va qo‘yish texnologiyasini ishlab chiqish”;
ITD-3-114 -“Mashina detallariga mexanik ishlov berish jarayonini o‘lchash va nazorat qilish yangi usul va vositalarini yaratish asosida yuqori unumdorli texnologiyalarni ishlab” mavzusi bo‘yicha ishlashga yo‘naltirilgan.
Hozirda kafedra “Mashinasozlik texnologiyasi va avtomatlashtirish” nomi bilan yuritilmoqda hamda bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha talabalar o‘qitilmoqda.
BAKALAVRIAT
MAGISTRATURA